asosiy   saytda reklama    qoidalar  biz bilan aloqa
Русский O`zbekcha
 
 
Google yordamida qidirish   Yandex yordamida qidirish   Sayt bo'yicha qidirish
 
Login:
Parol:
Parolni unutdim?





Ta’lim va axborot texnologiyalari

Muallif: admin1 от 9-01-2013, 05:48

Bugungi kunda hayotimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Prezidentimizning 2012-yil 21-martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilayotir. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan Farg‘ona viloyatida ham izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayni kunlarda viloyat hokimligi, soliq, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalarida elektron hujjat aylanishi tizimi joriy etildi. O‘tgan yili viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasining veb-sayti ishga tushirildi. Mazkur saytga doimiy ravishda viloyatdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar kiritib borilmoqda. Farg‘ona shahridagi “Ectaco.uz” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa kitoblarning elektron shakllari, turli dasturlar tayyorlanmoqda.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan shahar va tumanlardagi barcha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, maxsus maktab-internatlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish joriy etilmoqda. Bugungi kunda 918 umumta’lim maktablarida 796 zamonaviy o‘quv kompyuter sinflari tashkil etilgan. Shuningdek, maktablar “ZiyoNET” jamoat ta’lim axborot tarmog‘iga ulangan bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilarning undan samarali foydalanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Farg‘ona viloyati “O‘quvchining elektron kundaligi” va “O‘zbekistonda elektron kitoblardan foydalanish” kabi loyihalar bo‘yicha mamlakatimizda tajriba-sinov hududi hisoblanadi. Xususan, Farg‘ona shahridagi 13-umumta’lim maktabining 5-“a” sinfida “O‘quvchining elektron kundaligi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur tajriba natijasida o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 92 foizdan 100 foizga ko‘tarildi. Dasturning qulayligi shundaki, o‘quvchining olgan baholari, uy vazifasi, agar o‘quvchi darsga kelmasa o‘tilgan dars mavzusi, berilgan topshiriqlar ota-onaning telefon raqamiga SMS orqali kelib tushadi. Shu tariqa elektron kundalik maktab va ota-ona o‘rtasida uzviy aloqani ta’minlaydi.

“O‘zbekistonda elektron kitob (Jet Book)lardan foydalanish” loyihasi esa Qo‘qon shahridagi 33-umumta’lim maktabida tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Mazkur loyiha natijalari o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatdi.

Viloyatdagi 648 maktabda veb-saytlar ochilgan bo‘lib, maktabda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, o‘qituvchilar tomonidan yaratilayotgan elektron darsliklar mazkur veb-saytlarga joylashtirib borilmoqda. O‘tgan yili Farg‘ona shahridagi 40-ixtisoslashgan umumta’lim maktabi respublika miqyosida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maktab veb-sayti” ko‘rik-tanlovida birinchi o‘rinni egalladi. Bu ham viloyatda axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarning amaliy samarasidir.

Yaratilayotgan ana shunday imkoniyatlar natijasida o‘quvchilar zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallab, bu borada zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.

Hurmatli foydalanuvchi. Siz saytimiz maqolalariga izoh qoldira olmaysiz.
Iltimos saytimiz qaydnomasidan ro`yhatdan o`tishingizni so`raymiz.

Izohlar:

Izoh qoldirish
REFERATLARENSIKLOPEDIYAMUSIQA \r